Assalomu alaykum, mening jajji kichkintoylarim! Bugun sizlarga qiziq bir savol bermoqchiman. Diqqat bilan quloq solib turing. Alloh o‘zi yaratgan yer yuzidagi jamiki hayvonlar va qushlarga, hasharotlar va dengizdagi jonivorlarga, odamlar va jinlarga, xullas, barcha maxluqlarga rizq, ya’ni ovqat-yemishlar berib qo‘ygan. Biror maxluqni och qo‘ymagan. Ular ham Alloh taoloning ana shu bergan ne’matlariga javoban o‘z mevalarini Alloh buyurganiday o‘zlari yemay, insonga taqdim qilishadi. Masalan, sigir ko‘kat va yemlarni yeb, evaziga sut beradi, undan qatiq, qaymoq, sariyog‘ va pishloqlar olinadi. Tovuq tuxum beradi, asalari asal, qo‘y-echkilar sut, jun, go‘sht, pilla qurti ipak, dengizlar baliq beradi. Hatto daraxtlar ham Alloh yog‘dirgan yomg‘irdan, nur sochib turgan qu­yoshdan oziqlanib, evaziga shirindan-shakar mevalar tortiq qiladi.

Ana shu sut-qatiqlarni ichib, go‘shtlarni yeb, ipak va jundan to‘qilgan kiyimlarni kiyib, tuxum,  asal, mevalarni tanovul qilib yuradigan insonlar buning evaziga nima berishadi? Nima qilish­sa ana shu bergan ne’matlari uchun Alloh taoloni mamnun, xursand qilishadi? Axir birorta odam boshqa birovga shuncha ovqat-ne’matlarni tekinga berib qo‘ymaydi. Inson ana shu qarzni qanday qilib uzishi mumkin?

Ana shu savollarni sizlarga bermoqchi edim. Javob topishga qiy­nalyapsizmi? Mayli, javobini o‘zim aytib qo‘yaqolay, Alloh taoloning barcha bergan ne’matlari uchun, bizni sog‘-salomat, xotirjam, baxtli qilib qo‘ygani uchun faqat bir narsa bilan — ibodat, ya’ni namoz o‘qish, ro‘za tutish bilan Allohga minnatdorchilik bildirish mumkin, Allohga xizmat qilish bilan Uni rozi qilish, mamnun etish mumkin. Qolaversa, Alloh taoloning siz bilan bizlarni yaratishdan, insonlarga barcha jonzotlarni, oy-quyoshlarni xizmat qildirib qo‘yishdan maqsadi ham bizning ibodat qilishimizni ko‘rish edi, xolos. Biz Allohga qanchalik ibodat qilishni ko‘paytirsak, U ham bizdan shunchalik xursand bo‘laveradi. Oxirat dunyosidagi mukofotlarimizni ko‘paytirib qo‘yaveradi. Ana shu ibodatlarning eng ulug‘i esa – namoz o‘qish!

Namoz shunaqangi zarur, muhim ibodatki, agar namoz o‘qimasangiz, hech kim sizni chin musulmon demaydi. Sigir qancha serqaymoq sutlar bermasin, asalari qancha toza asallarni bermasin, ipak qurti qancha ko‘p ipak bermasin, baribir, ular aqlsiz hayvon. Alloh oxiratda ularga jannat ham va’da qilmagan, tiriltirmaydi ham. Beaql bo‘lgani uchun ulardan hech narsaning hisobini so‘ramaydi ham. Insonga aql berilgani uchun u endi barcha yegan-ichganlari, qilgan ishlari uchun oxiratda Alloh­ning oldida imtihon topshiradi. Sinovdan yaxshi o‘tsa, jannatga kirib rohat-farog‘atda bo‘ladi. O’tolmasa, do‘zaxga tushib, qiy­noq-azoblarga duchor bo‘ladi.

Inson ham hayvonlarga o‘xshab indamay Alloh bergan toza ovqatlarni to‘yib yesayu, evaziga hech narsa bermay yeb-ichib, uxlab, o‘ynab-kulib yuraversa, uning ham hayvondan farqi qolmaydida, to‘g‘rimi?! U oshxona bilan hojatxona orasida chopaveradigan bir mashinaga aylanib qoladi-da! Shunday bo‘lib qolmaslik uchun nima qilish kerak ekan? Ha, yashang, barcha ne’matlari va bergan umri uchun Allohga minnatdorchilik bildirishi, unga shukr deyish kerak. Qaysi yo‘l bilan shukr aytiladi? Ibodat bilan, namoz o‘qish bilan!

 

Дўстларга тавсия этиш
2018 йил 14 апрелда эълон қилинган  444 марта кўрилган